Yoshlar mehri va e’tibori: ko‘ngillilik aktsiyasi o‘tkazildi

Payshanba – Yoshlar kuni doirasida O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Nukus shahar bo‘limi tomonidan Nukus shahridagi 40-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida mehnat qilayotgan tarbiyachilar ishtirokida ko‘ngillilik aktsiyasi tashkil etildi.

Aktsiya doirasida mazkur muassasada 35 yildan ortiq mehnat faoliyatini olib borgan, faxriy mehnat faxriysi, ayni paytda yolg’iz yashayotgan Yusupova Mehriban xonadoniga tashrif buyurildi.

Tashrif davomida ko‘ngillilar tomonidan xonadonda tozalash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, kasaba uyushmasi tomonidan mehribonlik va e’tibor ramzi sifatida Yusupova Mehribanga oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.

Tadbirning davomi sifatida ko‘ngillilar maktabgacha ta’lim tashkiloti atrofida obodonlashtirish ishlarini olib bordi. Ular hududni tozalash, ko‘kalamzorlashtirish va yanada obod ko‘rinishga keltirish ishlariga o‘z hissalarini qo‘shdilar.

Aktsiya yakunida faol ishtirok etgan ko‘ngillilarga O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi tomonidan faxriy yorliqlar va esdalik sovg’alari topshirildi.

Mazkur tadbir yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, katta avlod vakillariga hurmat-e’tibor ko‘rsatish, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.