Kasaba uyushmalari tomonidan «Ochiq eshiklar kuni» va «Sayyor qabul» tadbiri o‘tkazildi

Bugungi kunda kasaba uyushmalarining mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni ortib bormoqda. Ular mehnatkash fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli ta’minlash, mehnat jamoasi a’zolarini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashda faollik ko‘rsatmoqda.

Aynan shu maqsadda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan mehnatkashlarning murojaatlarini tinglab, joyida bartaraf etish, Federatsiyaga kelib tushayotgan murojaatlarning qayta-qayta takrorlanishining oldini olish hamda Yangi O‘zbekistonning yangi kasaba uyushmalarida olib borilayotgan islohotlar bilan tadbir ishtirokchilarini xabardor qilish maqsadida joriy yilning 5 fevral kuni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti majlislar zalida «Ochiq eshiklar kuni» va «Sayyor qabul» tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisining o‘rinbosari, Mehnat inspektsiyasi boshlig’i Qobiljon Kirgizaliev, Mehnat inspektsiyasining murojaatlar bilan ishlash sektori boshlig’i Rzaeva Guzalya Turgunbaevna, hamkor tashkilotlar vakillari, tarmoq respublika kengashi, birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi raislari, mas’ul tashkilotchilar, shahar va tuman kengashlari hamda boshlang’ich kasaba uyushmasi qo‘mitasi raislari, yangi saylangan kasaba uyushmasi faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda 2025 yil 17 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev kasaba uyushmalari faollari va nuroniylari bilan uchrashgani, uchrashuv davomida davlatimiz rahbari soha vakillari bilan samimiy suhbatlashgani, ularning taklif va tashabbuslarini tinglagani, shuningdek, bu muloqot qoraqalpog’istonliklar uchun chinakam quvonchga aylangani, chunki Qoraqalpog’iston Respublikasining eng chekka qishlog’ida «Bo‘zatov» sanatoriysi foydalanishga topshirilgani ta’kidlandi.

Qolaversa, mazkur uchrashuvda Prezidentimiz kasaba uyushmalari faoliyatiga yuksak baho berish bilan birga, kelgusida bajariladigan vazifalar amaliy misollar yordamida aniq ko‘rsatib berilganligi ta’kidlandi.

Shuningdek, respublikamiz hududlarida o‘tkazilayotgan «Ochiq eshiklar kuni» va «Sayyor qabul» tadbirlari barcha uchun manfaatli bo‘layotgani aytib o‘tildi.

Shundan so‘ng tadbir davomida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan so‘nggi besh yil davomida olib borilgan faoliyati va erishilgan natijalari haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, tadbirda yangi saylangan kasaba uyushmasi qo‘mitasi raislariga o‘z faoliyatini ustav talablari asosida olib borishi, jamoa shartnomalari va kelishuvlarini qabul qilishda mehnat qonunchiligida belgilanganidan tashqari qo‘shimcha kafolatlar va imtiyozlarni nazarda tutishi, shuningdek, kasaba uyushmalarining asosiy vazifasi xodimlarni har tomonlama ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash ekanligi bo‘yicha tushuntirishlar berildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zaro fikr almashib, ish beruvchilar va xodimlar o‘rtasidagi mehnat munosabatlarida yuzaga kelayotgan muammoli masalalar bo‘yicha savollariga javoblar oldi.