Sudlarga murojaat qilishda ochiqlik va shaffoflik

Fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsiz bo‘lib, hech kim ulardan sudsiz mahrum etishga yoki ularni cheklashga haqli emas. Jismoniy va yuridik shaxslar huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish muhim davlat himoyasi instituti bo‘lib, u mustaqil sud hokimiyati tomonidan odil sudlovni amalga oshirish orqali ta’minlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasi va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g’risidagi kodeksi 4-moddasiga muvofiq, manfaatdor shaxs, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa, prokuror, shuningdek, boshqa shaxslar huquqlari va manfaatlarini himoya qilishga vakolatli ayrim fuqarolar va davlat organlari ma’muriy organ qarorini haqiqiy emas va uning mansabdor shaxsi harakatini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish to‘g’risidagi ariza (shikoyat) bilan, basharti bu qaror, harakat (harakatsizlik) tufayli uning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari buzilgan, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini amalga oshirishda to‘sqinlik yaratilgan, zimmasiga qonunga xilof ravishda biror-bir majburiyat yuklatilgan hamda u yoki bu sohadagi faoliyatini amalga oshirish uchun boshqa to‘sqinlik yaratilgan deb hisoblasa, sudga murojaat qilishga haqli.

Sud orqali himoya qilish huquqini birinchi instantsiya sudida ish qo‘zg’atish uchun qonunda nazarda tutilgan shartlarga rioya etgan holda amalga oshirish mumkin. Ushbu shartlarga rioya etmaslik sud tomonidan murojaatlarni qabul qilish va ko‘rishni rad etish uchun asos bo‘ladi.

Sudga murojaatlar shakl va mazmun jihatdan protsessual qonunlar bilan ularga qo‘yilgan talablar (jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi haqidagi ma’lumotlar yoki yuridik shaxsning nomi va joylashgan joyi haqidagi ma’lumotlar, berilgan murojaat bo‘yicha huquqiy munosabatning mohiyati, murojaat va qo‘yilayotgan talab yoki iltimosnomaning mohiyati, murojaat sanasi, murojaat etuvchining imzosi) ga mos bo‘lishi kerak. Murojaatlar sudga elektron hujjat shaklida ham yuborilishi mumkin.

So‘nggi yillarda sudlar faoliyatida zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan tadbirlar fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga o‘z huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilishni erkinlashtirish, umuman odil sudlovga erishishni oshirish hamda sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash imkonini berdi.

«Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g’risida»gi 140-sonli Prezident farmoni sudlar faoliyatini raqamlashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish, elektron odil sudlovni rivojlantirish, odil sudlovning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, inson omilini cheklash orqali turli illatlarning oldini olish, eng muhimi, aholining sudga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash, sudlar, advokatlar va taraflar o‘rtasidagi muloqotning yagona raqamli platformasini yaratish, milliy tizimlarni xalqaro standartlar bilan integratsiya qilish kabi strategik yo‘nalishni belgilab berdi.

Bundan tashqari, «Raqamli sud» kontseptsiyasini bosqichma-bosqich amalga oshirish ko‘zda tutilgani alohida e’tiborga molik. Bunda sudga ariza berishdan oldin sun’iy intellekt yordamida sud muhokamasining taxminiy natijasi va sarflanadigan xarajatlarni shakllantirish, murojaatlarni elektron shaklda yuborish, ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud binosiga bormagan holda jarayonda masofadan ishtirok etishi, taraflarga ishga oid barcha materiallar bilan elektron shaklda tanishish imkoniyatini yaratish, shuningdek, ijro xatlarini avtomatik tarzda ijroga yuborish, sun’iy intellekt yordamida sud majlislari bayonnomalarini real vaqt rejimida matn shaklida tayyorlash va sud hujjatlari loyihalarini avtomatik tarzda shakllantirish vazifalari belgilandi. shuningdek, ijro xatlarini avtomatik tarzda ijroga yuborish, sun’iy intellekt yordamida sud majlislari bayonnomalarini real vaqt rejimida matn shaklida tayyorlash va sud hujjatlari loyihalarini avtomatik tarzda shakllantirish vazifalari belgilandi. shuningdek, sud ishlariga oid ko‘plab hujjatlarni qisqa vaqtda o‘rganish, muhim ma’lumotlarni saralab olish orqali sudyalarning ish yuklamasini engillashtirishda, qonun normalari va sud amaliyotini o‘rganish, ko‘rib chiqilayotgan ishlarni ilgari ko‘rilgan ishlar bilan umumiy yoki o‘xshashligini aniqlash, ularni taqqoslashda sun’iy intellekt cheksiz imkoniyatlar bermoqda.

Sud tizimida joriy etilgan interaktiv elektron xizmatlar inson resursini keskin kamaytirib, arizalarni onlayn topshirish, ish yuritishni masofadan kuzatish va elektron qarorlar korruptsiya xavfini kamaytirishning eng samarali usullariga aylandi. Inson omili kamaysa, korruptsiya ham kamayadi, bu degani endi sudga murojaat qilish uchun ortiqcha ovoragarchilik, vositachilar yoki norasmiy munosabatlar talab etilmaydi. Interaktiv xizmatlar orqali ariza onlayn topshiriladi, ishning harakati real vaqtda kuzatiladi, qarorlar elektron shaklda olinadi. Bu esa shaffoflikni oshiradi va korruptsiya uchun sharoitni yo‘q qiladi.

Ushbu islohotlar natijasida amalga oshirilayotgan ishlar  sud tizimidagi muammo va kamchiliklarni, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga, tomonlarga sudda teng imkoniyatlar darajasida ishtirok etish vakolatini ta’minlashga, investorlar huquqlarining ishonchli sud himoyasida bo‘lishiga erishishga, shuningdek, sud organlarining amaldagi tuzilishini zamon talablari va xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga, ochiqlik va shaffoflikka xizmat qiladi.

Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudi sudya katta yordamchisi:

S.Abdikarimova