“AYoLNI E’ZOZLASH – EZGULIK VA ADOLAT MEZONI”

O‘zbekistonda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va huquqlarini mustahkamlash, ularning bilim va iqtidorini qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

Darhaqiqat O‘zbekistonda ushbu yo‘nalishlarda ko‘pgina ishlar qilinmoqda. Jumladan “O‘zbekiston-2030” startegiyasi doirasida xotin-qizlarning faoliyatini oshirish, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglikni qaror toptirish, ayollarning huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni e’zozlash, shuningdek, barcha sohalarda samarali faoliyat olib borayotgan va oilalar mustahkamligini ta’minlashda o‘z hissalarini qo‘shib kelayotgan faol xotin-qizlarni rag’batlantirish, namunali kasbiy mahorati bilan boshqalarga ibrat bo‘lgan mehnat faxriylarini e’zozlash singari ishlarda kasaba uyushmalari bevosita ishtirok etib, xayrli tashabbuslarni amalga oshirishda davlatimizga kamarbasta bo‘lmoqda.

2026 yil 4 mart kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog’iston kengashi tomonidan 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Ayolni e’zozlash – ezgulik va adolat mezoni” mavzusida bayram kechasi o‘tkazildi.

Unda shahar va tumanlardan tashrif buyurgan onaxonlar, faol xotin-qizlar, turli vazirlik va idoralar vakillari qatnashdi.

Tadbirni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi o‘rinbosari, Qoraqalpog’iston kengashi raisi U.Jalmenov ochdi va tadbir ishtirokchilarini mazkur bayram bilan qizg’in qutladi.  U.Jalmenov o‘z so‘zida Prezidentimiz Sh.Mirziyoev xotin-qizlarning salomatligini mustahkamlashga oid yurtimizda amalga oshrilayotgan islohotlar, jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishlari yuzasidan olib borilayotgan sa’y-harakatlar va bu boradagi mislsiz imkoniyatlar samarasiga to‘xtalib, qaysi sohada bo‘lmasin ular o‘zlarining mehnatsevarligi, matonati bilan erkaklar bilan bir safda faoliyat yuritib kelayotgani xususida ta’kidladi.

Bayram kechasida Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida samarali mehnat qilayotgan, jamiyat hayotining barcha sohalaridagi fidoyi xotin-qizlar va mo‘’tabar onaxonlarimizdan bir guruhi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog’iston kengashi tomonidan Faxriy yorliq va esdalik sovg’alar bilan taqdirlandi.

Tadbir davomida yangragan kuy-qo‘shiklar ishtirokchilarga chinakam bayramona kayfiyat ulashdi.