Til – qalbimiz, g’ururimiz, kelajagimiz: Davlat tili bayrami keng nishonlandi

Nukus shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli umumiy o‘rta ta’lim maktablari va umumiy turdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 21 oktyabr – «O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun» munosabati bilan bayram tadbirlari bo‘lib o‘tdi.

Ushbu ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasining Nukus shahar bo‘linmasi va ta’lim muassasalari rahbarlari hamkorligida yuqori saviyada tashkil etildi. Ta’lim muassasalarida «Til – qalbimiz, g’ururimiz, kelajagimiz,» «Ona tilim – faxrim» mavzularidagi kechalarda milliy qadriyatlarimiz va ona tilimizning bebaho boyligi tarannum etildi.

Tadbirning asosiy maqsadi o‘sib kelayotgan yosh avlod qalbida ona tilimizga, milliy o‘zligimiz va madaniy merosimizga cheksiz muhabbat va hurmat tuyg’ularini kamol toptirishdan iborat bo‘ldi. Joylarda o‘tkazilgan tadbirlarda so‘zga chiqqanlar o‘zbek tilining davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni, uni asrab-avaylash va rivojlantirish har bir fuqaroning, xususan, yosh tarbiyalanuvchilarning ezgu burchi ekanini alohida ta’kidladi.

Tadbir davomida ta’lim muassasalaridagi pedagog xodimlar, o‘quvchilar tomonidan ona tilimizni tarannum etuvchi jozibali she’rlar yoddan o‘qildi, buyuk allomalarning asarlaridan parchalar namoyish etildi. O‘quvchilar ijrosidagi raqslar yig’ilganlarga cheksiz zavq bag’ishlab, muassasalarda haqiqiy bayram kayfiyatini shakllantirdi.

Tadbir yakunida pedagog xodimlar va o‘quvchilarning faol ishtiroki, yuksak iste’dodi va ona tilimizga bo‘lgan samimiy sadoqati barcha ishtirokchilarda g’urur-iftixor tuyg’usini uyg’otdi.

Yosh avlod tarbiyasi yo‘lida jonbozlik ko‘rsatib kelayotgan fidoyi ustoz va tarbiyachilarga O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Nukus shahar bo‘linmasi nomidan minnatdorchilik bildirilib, ularning kelgusi mashaqqatli va sharafli ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi.