Yoshlar «Zakovat» da bellashdi

11 noyabr — Kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan «Yangi O‘zbekiston — yangi kasaba uyushmalari» shiori ostida yosh mehnatkashlar o‘rtasida «Zakovat» intellektual o‘yini bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qoraqalpog’iston kengashi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirga Nukus shahridagi Yoshlar markazi mezbonlik qildi. Intellektual bellashuvda hududdagi turli korxona va tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan yoshlardan iborat 10 ta jamoa o‘zaro kuch sinashdi.

Qizg’in va murosasiz kechgan bahslarda ishtirokchilar o‘zlarining boy bilim va intellektual salohiyati, mantiqiy fikrlash qobiliyati hamda jamoaviy hamkorlik ko‘nikmalarini to‘la namoyon etdilar.

Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, bu kabi ma’rifiy tadbirlar yosh mehnatkashlarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda turli soha vakillari o‘rtasida do‘stona va hamjihatlik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi.

«Yangi O‘zbekiston — yangi kasaba uyushmalari» g’oyasi asosida o‘tkazilayotgan bu kabi tashabbuslar yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish va kasaba uyushmalari hayotidagi ishtirokini rag’batlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.