Yosh o‘qituvchilar bilan uchrashuv

2026 yil 16 aprel kuni Nukus shahridagi 22-sonli o‘rta maktabda yosh o‘qituvchilar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Nukus shahar bo‘limi tomonidan tashkil etildi.

Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad yosh o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularning faolligini oshirish hamda ta’lim sohasidagi ishtiroki va tashabbuslarini rag’batlantirishdan iborat bo‘ldi. Ta’kidlash joizki, ushbu maktab jamoasining qariyb 30 foizini yosh o‘qituvchilar tashkil etadi.

Tadbir davomida ishtirokchilar o‘rtasida qizg’in muloqot bo‘lib o‘tdi, sohadagi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, o‘qituvchilar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etilib, ishtirokchilarning bilim va salohiyati sinovdan o‘tkazildi.

Intellektual bahslarda faol ishtirok etgan jamoalar orasidan g’oliblar aniqlanib, ular munosib taqdirlandi.