25 aprel kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qoraqalpog’iston Kengashida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashqi migratsiyada yurgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini o‘rganish va hal qilish, tashqi migratsiyadan qaytgan fuqarolarni ish bilan ta’minlash yuzasidan belgilangan vazifalarni amalga oshirish masalasiga bag’ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminar Senator, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi o‘rinbosari, Qoraqalpog’iston Kengashi raisi U. Jalmenov raisligida, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiga biriktirilgan tashkilot rahbarlari hamda tuman (shahar)larga biriktirilgan vakillar ishtirokida o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari N.Erlepesov, Axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi A.Ishanxodjaev, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Mehnat inspektsiyasi boshlig’i o‘rinbosari-Bosh mehnat texnik inspektori D.To‘ychiev, Davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi o‘rinbosari A.Salixov, Qoraqalpog’iston Respublikasi prokurori o‘rinbosari Sh.Muxamatovlar ishchi guruhning galdagi vazifalari xususida atroflicha so‘z yuritdilar.
Seminar kun tartibida jumladan, Qoraqalpog’iston Respublikasi Ishchi guruhi, Qoraqalpog’iston Respublikasi Prokurori va Ichki ishlar vaziri o‘rinbosarlari bilan birgalikda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qoraqalpog’iston kengashi hamda tuman (shahar) hokimliklarida shtablar ishchanligini oshirish, “mahalla ettiligi” bilan tig’iz ish olib borish, fuqarolar bilan muloqot qilish, anketa savollarini to‘ldirish tartibi, tuman (shahar)larda mavjud bo‘sh o‘rinlar va yangi investitsiya loyihalarini ishga tushirish orqali yaratish nazarda tutilgan ish o‘rinlari to‘g’risidagi ma’lumotlarni shakllantirish hamda “mahalla ettiligi” ga taqdim qilish, tashqi migrantlarni xonadonma xonadon yurib xatlovdan o‘tkazish, muammolarini o‘rganish, migratsiyadan qaytish istagini bildirgan fuqarolarni ishga joylashtirish va muammolarini hal qilish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish, shuningdek, oila a’zolari bilan suhbatlashish bo‘yicha seminarlar tashkillashtirish, shuningdek, fuqarolarning chet elga chiqishi, kirishini monitoring qiluvchi maxsus platformani takomillashtirish va tashkilotlararo integratsiya jarayonlari singari qator vazifalar o‘rin olgan.
Seminar yakunida “Tashqi migratsiyada yurgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash” bo‘yicha Respublika shtabining 1-kengaytirilgan majlisida yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish borasida aniq ko‘rsatmalar belgilanib, ishtirokichlarning savollariga mas’ullar tomonidan batafsil javoblar berildi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: