Qoraqalpog’istonda «Ayollar daftari»ning 7-bosqichi: Inson qadrini ulug’lash yo‘lidagi izchil islohotlar

Davlat rahbarining tashabbuslariga muvofiq, mamlakatimizda xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda bandligini ta’minlash borasidagi tizimli ishlar yangi pallada keng quloch yoymoqda. Xususan, Orolbo‘yi hududida ham “Ayollar daftari” tizimining 7-bosqichi doirasidagi amaliy tadbirlar “Inson qadri uchun” degan ulug’vor g’oya asosida sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarilmoqda.

Mazkur tizim doirasida uy-joy va yashash sharoitini yaxshilashga muhtoj, tibbiy va psixologik yordamga ehtiyoji bor, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan, shuningdek, huquqiy himoya zarur bo‘lgan xotin-qizlar to‘liq qamrab olinmoqda. Shu bilan birga, ayniqsa qishloq joylarda istiqomat qiluvchi xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va ular o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan maxsus dasturlar ko‘lami yanada kengaytirilmoqda.

Ushbu muhim jarayonlarni tizimli, shaffof va samarali tashkil etish masalalariga bag’ishlab O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog’iston kengashida kengaytirilgan yig’ilish o‘tkazildi. Anjumanda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasidan mas’ul sifatida biriktirilgan rahbar, jumladan, Federatsiyaning Qoraqalpog’iston kengashi raisi Ulug’bek Jalmenov, Energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi o‘rinbosari Saidmurod To‘xtaevlar so‘zga chiqib, mazkur jarayonda birorta ham xotin-qiz davlatimizning e’tibori va g’amxo‘rligidan chetda qolib ketmasligi lozimligini alohida ta’kidladilar.

Yig’ilish yakunida mahallabay ishlash tizimi asosida ayollarning real muammolarini aniqlash, ularni manzilli hal etish hamda har bir ayol bilan individual shug’ullanish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi.