
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi emblemasi to‘g’risida N I Z O M
1. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi emblemasi O‘zbekiston Respublikasining “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g’risida”gi Qonuni
hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Ustaviga muvofiq ta’sis etiladi.
2. Emblemada kasaba uyushmalarining bosh vazifasi: a’zo tashkilotlarning kasaba uyushmalari a’zolarini ijtimoiy-mehnat va fuqarolik huquqlari, ishlab chiqarish, kasbiy, iqtisodiy va ijtimoiy manfaatlarini ifoda etish va himoya qilish borasidagi sa’y-harakatlarini birlashtirish hamda muvofiqlashtirish, shuningdek a’zo tashkilotlarning umumiy maqsadlariga erishish, umumiy manfaatlarini ifoda etish va himoya qilish, mazkur masalalarda davlat, ish beruvchilar va kasaba uyushmalarining ijtimoiy sherikligi aks etgan.
3. Emblema O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlari, Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmalari, Federatsiya Kengashi tasarrufidagi va hududiy birlashmalar tomonidan tashkil etilgan korxona va tashkilotlar binolarining old tomoniga joylashtiriladi.
4. Emblema Federatsiya tizimida amal qiladigan yagona nusxadagi a’zolik biletlarida, Federatsiya Kengashining, o‘z ramzlariga ega bo‘lmagan Federatsiyaga a’zo tashkilotlar, Federatsiya Kengashi tasarrufidagi tashkilotlarning blanklari, muhrlari, kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan chiqariladigan turli nashrlarda, esdalik sovg’alarida aks etgiriladi.
5. Emblema O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Federatsiyaga a’zo va Federatsiya Kengashi tasarrufidagi tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan konferentsiya, simpozium, seminar va uchrashuvlarda ko‘rinarli joyga ilib qo‘yiladi.
6. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi emblemasining takrorlanayotgan tasviri, uning katta-kichikligidan qat’iy nazar, tasdiqlangan rangli va oq-qora tasviriga aniq mos bo‘lishi kerak.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi emblemasi T A V S I F I
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining yangi tahrirdagi ramzida ijtimoiy sheriklik asosida kasaba uyushmalari a’zolarining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlari himoyasi – davlat, ish beruvchilar va kasaba uyushmalari ijtimoiy sherikligi asosida amalga oshirilishini ifoda etuvchi vositalar tasviri aks ettirilgan.Xususan, kasaba uyushmalari Federatsiyasining yangi tahrirdagi ramzida aks etgan uch nafar inson tasviri – davlat, ish beruvchilar va kasaba uyushmalarining ijtimoiy sheriklik asosidagi faoliyatini ifodalaydi. Mazkur uch nafar inson tasvirining O‘zbekiston Respublikasi xaritasi uzra aks ettirilishi esa bu faoliyatning mamlakat miqyosida amalga oshirilishini anglatadi.
Uch inson tasvirining bir-biri bilan jipslikda tasvirlanishi – davlat, ish beruvchilar va kasaba uyushmalarining ijtimoiy sheriklik asosidagi faoliyati uyg’unligini, ularning inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan maqsadlarining mushtarakligini aks ettiradi.
Shuningdek, uch inson tasviridagi bir tomondan yuqoriga ko‘tarilgan qo‘llar davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan va mamlakatimizda eng oliy qadriyat hisoblangan inson manfaatlari yo‘lidagi ezgu ishlarda ijtimoiy hamkor taraflar – davlat, ish beruvchilar va kasaba uyushmalarining yuksak maqsadlar sari doimiy olg’a intilishi ma’nosini anglatadi.
Tasvirdagi insonlar obrazida aks etgan ranglar esa Respublikamiz bayrog’iga hamohanglik bilan birga yashil rang – doimiy barhayotlik, yangilanish va rivojlanish, oq rang – soflik, faoliyatdagi ochiqlik va oshkoralik, moviy rang – Vatanimizdagi barqaror tinchlik, musaffo osmonimiz, beg’uborlik ramzi sifatida ifodalangan.
Kasaba uyushmalari Federatsiyasining yangi tahrirdagi ramzida aks etgan O‘zbekiston Respublikasi xaritasi tasviri ikki xil rangda:
1. Xantal rangida;
2. Jigarrangda berilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi xaritasi uzra aks etgan «O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi» yozuvi to‘q ko‘k rangda ifodalanadi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi bayrog’i to‘g’risida N I Z O M
1. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi bayrog’i O‘zbekiston Respublikasining “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g’risida”gi Qonuni hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Ustaviga muvofiq ta’sis etiladi.
2. Federatsiya bayrog’i: Federatsiya, respublika kasaba uyushmalari Qurultoylari va kengash yig’ilishlarida, xalqaro hamda boshqa anjumanlarda, rasmiy delegatsiyalarning xorijiy mamlakatlarga safarlari chog’ida, sport musobaqalarida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining timsoli bo‘ladi.
3. Bayroq butun uzunligi bo‘ylab sidirg’a och moviy rangdan tarkib topgan to‘g’ri to‘rtburchak shaklidagi mato bo‘lib, uzunligi 200 santimetrga, kengligi 100 santimetrga teng (nisbati 2:1).
Bayroqning o‘rtasida, ya’ni bayroqning chap va o‘ng tomonlaridan 40 santimetrdan, yuqori va pastki tomonlaridan 20 santimetrdan masofada O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi emblemasi uzunligi 120 santimetr, kengligi 60 santimetrga teng to‘g’ri to‘rtburchakka sig’adigan qilib joylashtirilgan.
4. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi bayrog’i Federatsiya Kengashi, Federatsiyaga a’zo tashkilotlar raislarining hamda Federatsiya Kengashi tasarrufidagi tashkilotlar rahbarlarining ish kabinetlarida, shuningdek Federatsiya Kengashining binosi va majlislar zallarida, kasaba uyushmalari tashkilotlari hududiy birlashmalarining majlislar zallarida o‘rnatiladi.
5. Bayroq O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Federatsiyaga a’zo va Federatsiya Kengashi tasarrufidagi tashkilotlar tomonidan o‘tkazilayotgan tadbirlarda, sport musobaqalarida ko‘tarilishi mumkin. Bayroq umummilliy tadbirlar va tantanalar chog’ida O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’i bilan bir vaqtda ko‘tarilsa, O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’i (binoning old tomoniga qarab turganda) chap tomonda, Federatsiya bayrog’i o‘ng tomonda ko‘tarilmog’i kerak.
6. Bayroqning turli o‘lchamlarda chiqarilishiga yo‘l qo‘yiladi. Bunday holda bayroqning uzunligi va kengligi (nisbati 2:1) saqlanishi, bayroq va uning tasviri katta-kichikligidan qatiy nazar, hamma vaqt tasdiqlangan rangli va sxematik tasviriga aniq mos bo‘lishi kerak.
7. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Federatsiyaga a’zo va Federatsiya Kengashi tasarrufdagi tashkilotlar buyurtmasiga asosan tayyorlanayotgan matbaa, reklama-axborot va yodgorlik buyumlarida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi bayrog’i aks etgirilishi mumkin.
8. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi bayrog’ini tayyorlash, saqlash ustidan nazorat Federatsiya Kengashi ishlar boshqarmasiga yuklatiladi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi bayrog’i T A V S I F I
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi bayrog’i – bayroqning butun uzunligi bo‘ylab sidirga och moviy rangdan tarkib topgan to‘g’ri to‘rtburchak shaklidagi matodir.
Bayroqdagi och moviy rang – musaffo osmon ramzi bo‘lib, tinchlik, osoyishtalik timsolidir.
Bayroqning uzunligi 200 santimetrga, kengligi 100 santimetrga teng (nisbati 2:1).
Bayroqning o‘rtasida, ya’ni bayroqniig chap va o‘ng tomonlaridan 40 santimetrdan, yuqori va pastki tomonlaridan 20 santimetrdan masofada O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi emblemasi uzunligi 120 santimetr, kengligi 60 santimetrga teng to‘g’ri to‘rtburchakka sig’adigan qilib joylashtirilgan.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi bayrog’i och moviy rangda bo‘lib, uning markazida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining yangi tahrirdagi ramzi aks etgan.
Bayroqning och moviy rangda ifodalanishi o‘ziga xos ramziy ma’noga ega. Ya’ni, och moviy rang orqali mamlakatimizdagi sog’lom ijtimoiy-siyosiy muhit natijasida fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan, kasaba uyushmalari faoliyati, ular faoliyatini rivojlantirish uchun yaratilgan qulay va etarli shart-sharoitlar hamda imkoniyatlar ifoda etilgan.
Bayroq o‘lchami 2 metrga 1 metr nisbatda olinadi.



Spelling error report
The following text will be sent to our editors: