Monitoring davomida bolalar mehnati va majburiy mehnat holatlari aniqlanmadi

O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Ijroiya qo’mitasining 2022 yil 5 sentyabrdagi hamda O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog’iston kengashi ijroiya qo’mitasining 2022 yil 16 sentyabrdagi qarorlariga asosan joriy yilning 26 sentyabridan 31 oktyabrigacha Milliy monitoring o’tkazildi.

– Tadbir davomida Orolbo’yining barcha tumanlari paxta dalalarida terimchilar bilan yaqindan suhbat olib borilib, ko’ngilli terimchilarga, olis hududdan kelgan hasharchilarga yaratilgan shart-sharoit, issiq ovqat, ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi, terimchilarga ish haqilari vaqtida tarqatilishi bilan yaqindan tanishildi, – deydi ishchi guruh a’zosi Bekpolat Utepbergenov. – Jumladan, Nukus tumaniga tashrif davomida «Qirantaw» ovul fuqarolar yig’inidagi «Medet» fermer xo’jaligi paxta dalasida terimchilar Ongarbay Karimbetov, Rano Tadjimova, Damexan Qalimbetova bilan suhbat o’tkazildi. Fermer dalasida 60 nafar terimchi ishtirok etmoqda. Terim pullari vaqtida berilayotgani hamda terimchilarga barcha sharoitlar yaratilgani qayd etildi.

Shuningdek, «Qutankul» mahalla fuqarolar yig’inidagi «Jayxun» fermer xo’jaligi, «Darsan» ovul fuqarolar yig’inidagi «Darsan agroklaster» mas’uliyati cheklangan jamiyati, «Baqanshaqli» ovul fuqarolar yig’inidagi «Samam Nukus» fermer xo’jaligi dalalaridagi ishlar o’rganildi. Monitoring paytida bolalar mehnati va majburiy mehnat aniqlanmadi.

Suhbatlarda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan so’nggi yillarda ijtimoiy mehnat munosabatlarini takomillashtirish, majburiy mehnatning oldini olish, unga yo’l qo’ymaslik, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatini himoya qilish yo’nalishlarida amalga oshirilayotgan keng ko’lamli ishlar, shuningdek, O’zbekiston Respublikasida ratifikatsiya qilingan Xalqaro mehnat tashkilotining 29, 105, 138, 182-sonli konventsiyalarining mazmun-mohiyati yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.