«Bo’zatov» sanatoriyasi foydalanishga topshirildi

2025 yil 17 oktyabr’ kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuv o’tkazdi. Uchrashuv davomida davlat rahbari soha vakillari bilan samimiy muloqot qildi, ularning taklif va tashabbuslarini  tingladi.

Ushbu muloqot Qoraqalpog’istonliklar uchun haqiqiy shodiyonaga aylandi, chunki Qoraqalpog’iston Respublikasining eng chekka ovulida «Bo’zatov» sanatoriyasi foydalanishga topshirildi.

Uning ochilish marosimida Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi raisi A.Orinboev, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi T.Xudaybergenov, shuningdek, O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qoraqalpog’iston kengashi raisi U.Jalmenov, mehnat faxriylari, nuroniylar, kasaba uyushmalari faollari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdilar.

– Prezidentimizning Qoraqalpog’istonga alohida e’tibori tufayli bir paytlar e’tibordan chetda qolgan Bo’zatov tumani qisqa fursatda qaytadan chiroy ochdi. Shu asno unda sanatoriy qurilib,foydalanishga topshirildi,– deydi Bo’zatov tumanining “Erkindaryo” ovul fuqarolar yig’inida  istiqomat qiluvchi  Xudaybergen Tileuliev.

Nuroniy otaxonning so’zlarida haqiqat mujassam. Bugungi kunda Bo’zatov aholisining quvonchida chek yo’q. Yangi sanatoriy nafaqat dam olish, balki sog’lomlashtirish, ma’naviy xuzur bag’ishlash maskani sifatida ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Loyihaga ko’ra, sanatoriy 200 nafar dam oluvchiga bir vaqtning o’zida xizmat ko’rsata oladi. Yiliga 6000 nafar fuqaro suv muolajalari, fizioterapiya va boshqa zamonaviy tibbiy xizmatlar orqali sog’ligini tiklash imkoniga ega bo’ladi.

Bu yerda 6 qavatli shinam yotoqxona, 2 qavatli davolash markazi, zamonaviy oshxona va madaniy klub, fin va turk hammomi, yopiq basseyn, shuningdek, oilaviy kottejlar va boshqa infratuzilmalar mavjud.

12,5 gektar maydonni egallab turgan sanatoriyning 6,3 gektari mevali bog’lar, 4 gektari manzarali  daraxtlar bilan yanada fayzli. Olisdan ko’zga tashlanib turuvchi go’zal  manzara nafaqat go’zallik, balki ekologik muvozanat, sog’lom muhit demakdir. Qolaversa, quyosh panellari orqali qayta tiklanuvchi energiya manbalari ham yo’lga qo’yilgan.

O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan 123 milliard so’mga moliyalashtirilgan  ushbu   loyiha nafaqat sog’lomlashtirish sohasini rivojlantiradi, balki 120 nafar mutaxassis uchun doimiy ish o’rinlarini yaratadi. Bu esa, o’z navbatida, tuman aholisining turmush sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Qoraqalpog’istonda mana shunday mahobatli sanatoriy qurilishi – bu yangi hayot, yangi nafas, yangi imkoniyatlar demakdir.