O‘zbekiston — yangi kasaba uyushmalari» shiori ostida O‘zbekiston transport, yo‘l va kapital qurilish, qurilish industriyasi xodimlari kasaba uyushmasi Qoraqalpog’iston Respublikasi bo‘linmasi tizimidagi boshlang’ich kasaba uyushmasi tashkilotlari rahbarlari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston transport, yo‘l va kapital qurilish, qurilish industriyasi xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining bosh yuristi L. Nishanova hamda mazkur kasaba uyushmasi Qoraqalpog’iston Respublikasi kengashi bo‘linmasi raisi G. Palo‘aniyazova ishtirok etib, yig’ilganlarni bayram bilan samimiy muborakbod etdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 23 noyabrdagi «O‘zbekiston kasaba uyushmalari kunini belgilash haqida»gi 648-sonli Qonuniga muvofiq, 11 noyabr sanasi mamlakatimizda O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni sifatida rasman belgilangani ta’kidlandi.
Shuningdek, yurtimizda mehnatkashlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ular uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan sohaga qaratilayotgan e’tibor va yaratilayotgan imkoniyatlar xususida so‘z yuritildi.
Muloqot davomida kasaba uyushmalari tashkilotlarining faoliyati, xodimlar manfaatlarini ta’minlash borasidagi vazifalar, shuningdek, tarmoq korxona va tashkilotlarida ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan islohotlar muhokama qilindi. Bunda boshlang’ich kasaba uyushmasi tashkilotlarining o‘rni va mas’uliyati alohida qayd etildi.
Tadbir yakunida tarmoq tizimidagi korxona va tashkilotlarda samarali mehnat qilib, kasaba uyushmalari faoliyatini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh faollar bayram munosabati bilan faxriy yorliqlar hamda esdalik sovg’alari bilan taqdirlandi.
Bunday uchrashuvlar kasaba uyushmalari faoliyatini yanada jonlantirish, o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash va mehnat ahli manfaatlarini ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarni birlashtirishga xizmat qiladi.






Spelling error report
The following text will be sent to our editors: