Inson qadri ulug’langan, mehnati e’zozlangan bayram tadbiri

Prezidentimiz tashabbusi bilan 2020 yilda qabul qilingan qonunga muvofiq, 11 noyabr — O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni deya belgilangan bo‘lib, qariyb olti yildan buyon mazkur bayram yurtimizda keng nishonlanib, mehnat ahli qalbidan chuqur o‘rin oldi. U xalq mehri, minnatdorligi va mehnatkashlarga bo‘lgan hurmat ramziga aylandi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog’iston kengashi tomonidan Nukus shahridagi so‘lim maskanlardan birida “Yangi O‘zbekiston – Yangi kasaba uyushmalari” shiori ostida tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo‘qorg’i Kengesi raisi Amanbay Orinbaev, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining apparat rahbari Olimjon Saliev, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog’iston kengashi raisi Ulug’bek Jalmenov, shuningdek, respublika rahbarlari, mehnat faxriylari, kasaba uyushmalari faollari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar kasaba uyushmalarining jamiyatimiz hayotidagi o‘rni, xodimlar manfaatlarini himoya qilishdagi mas’uliyati, ijtimoiy barqarorlik va inson qadrini ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda kasaba uyushmalari faoliyati ishonchli va xalqchil tizimga aylanmoqda. Bu borada 2026 yil o‘n oy davomida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog’iston Kengashi tomonidan ham ko‘pgina ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, jamoa shartnomalari asosida kam ta’minlangan oilalar, ishlovchi pensionerlar, nogironlar, xotin-qizlar va yoshlarga
jami 16 ming 662 nafar xodimga, 7 mlrd. 559 mln. 403 ming so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi. Shu mablag’ning 4 mlrd. 197 mln.
870 ming so‘mi korxonalar hisobidan, 3 mlrd. 361 mln. 532 ming so‘mi esa kasaba uyushmalari mablag’laridan ajratildi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog’iston Kengashiga yuridik va jismoniy shaxslardan jami 477 ta murojaat kelib tushdi.  Natijada 145 ta murojaat kasaba uyushmalari takliflari va sudlarda ko‘rib chiqilishi natijasida to‘liq qanoatlantirildi.
Shu bilan birga, 292 ta murojaat bo‘yicha fuqarolarga mehnat huquqlari haqida tushuntirishlar berildi, 8 ta murojaat esa tegishli vakolatli organlarga yuborildi. Bu jarayonlar natijasida murojaatchilar foydasiga jami 2 mlrd. 669 mln. 113 ming so‘m ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, kompensatsiyalar va ma’naviy zararlar undirib berildi.

Shu bilan birga, sanatoriylarda ijtimoiy sug’urta jamg’armasi yo‘llanmalari hisobidan 1999 nafar ishchi sog’lomlashtirildi, shundan
76 nafar ishchi-xodim bepul yo‘llanmalar asosida dam oldi. Qolaversa, kasaba uyushmalari mablag’lari hisobidan 1753 nafar ishchi-xodim va ularning oila a’zolari sog’lomlashtirildi.

Ichki turizmni rivojlantirish maqsadida amalga oshirilayotgan “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida 8 ming
935 nafar xodim va ularning oila a’zolarining sayohatlari tashkil etildi. Shundan 2 ming 945 nafari Qoraqalpog’iston hududidagi diqqatga sazovor joylarga, 5 ming 990 nafari esa mamlakatimizning tarixiy shaharlariga tashrif buyurdi. Bu maqsadlarda kasaba uyushmalari hisobidan 1 mlrd. 485 mln. 600 ming so‘m, ish beruvchilar hisobiga
1 mlrd. 99 mln. 100 ming so‘m, jami 2 mlrd. 584 mln. 800 ming so‘m mablag’ sarf etildi.

Bolalarning yozgi dam olish va sog’lomlashtirish ishlariga alohida etibor qaratildi. Respublikamizdagi 11 statsionar turdagi oromgohlarda jami 7808 nafar bola (shundan, kasaba uyushmalari hisobidan 1748 nafar, ijtimoiy reestrga kiritilgan oilalarning al’o baholarga o‘qigan farzandlari 4916 nafar, hokimlik va homiylar hisobidan 1851 nafar va jismoniy shaxslar tomonidan 130 nafar ) hamda 69 madaniyat va sport maydonchalarida 16750 jami mavsum davomida 24558 nafar bolalalar dam olidirildi.

Tadbir yakunida mehnat fidoyilari va sohadagi faollar davlat mukofotlari hamda faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi. Ular yurt ravnaqi, xalq farovonligi va mehnatkashlar manfaatlarini himoya qilishdagi fidokorona xizmati bilan e’tirof etildi.

— Inson mehnati qadr topgan, uning huquq va manfaatlari ishonchli himoyalangan joydagina ijtimoiy adolat, o‘zaro ishonch va hamjihatlik mustahkam qaror topadi. Ana shu ezgu tamoyillarni hayotga tatbiq etishda kasaba uyushmalarining o‘rni va mas’uliyati beqiyos. Ko‘p yillik mehnatim e’tirof etilib, «Ardoqli nuroniy» ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganim men uchun chinakam bayram sovg’asi bo‘ldi, — deydi taassurotlari bilan o‘rtoqlashgan nuroniy Zinatdin Esenbaev.

San’at ustalari tomonidan ijro etilgan ashula va raqslar ishtirokchilar qalbini quvonchga to‘ldirdi.