11 noyabr – “O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni» har yili keng nishonlanib kelinmoqda. Bayram tadbirlari barcha bo‘g’indagi kasaba uyushmalari tashkilotlari mas’ulligida korxona, tashkilot va muassasalar miqyosida o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Bayram munosabati bilan mehnat jamoalarida xodimlar bilan uchrashuvlar va ochiq muloqotlar o‘tkazilib, ushbu tadbirlarda kasaba uyushmalariga a’zolik afzalliklarini targ’ib qilish, Yangi O‘zbekistonning Yangi kasaba uyushmalari tomonidan olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni aholiga etkazish ishlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Nukus shahar bo‘limi tarkibidagi boshlang’ich kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan mehnat jamoalarida bayram tadbirlarini ko‘tarinki ruhda o‘tkazish uchun turli mazmundagi tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, shu asosda belgilangan tartibda Ish beruvchilar bilan hamkorlikda tadbirlar o‘tkazilmoqda. Ta’lim muassasalarida «Yangi O‘zbekiston – Yangi kasaba uyushmalari» shiori yozilgan banner va plakatlar yopishtirilgan.
Shunday tadbirlardan biri, joriy yilning 4 noyabr kuni Nukus shahar 4-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi boshlang’ich kasaba uyushmasi qo‘mitasi tashabbusi bilan maktab o‘qituvchilari o‘rtasida «Zakovat» intellektual o‘yini o‘tkazildi. O‘tkazilgan intellektual o‘yinda maktabdagi fan metodik birlashmalari a’zolaridan tuzilgan jamoalar ishtirok etdi. O‘yin shartlariga ko‘ra, ishtirokchi guruhlarga mantiqiy savollar, kasaba uyushmalari sohasiga oid savollar berilib, o‘yin yakunida eng zukko, eng chaqqon degan guruhlar aniqlandi.
G’olib bo‘lgan o‘yin ishtirokchilariga O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Nukus shahar bo‘limi kengashi tomonidan tayyorlangan sovg’alar topshirildi.
Shuningdek, shu kunning o‘zida oldindan belgilab olingan rejaga asosan Nukus shahar 6-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining majlislar zalida mehnat jamoasi uchun «Yangi O‘zbekiston – Yangi kasaba uyushmalari» mavzusida ma’naviyat soati o‘tkazildi. Tadbir davomida kasaba uyushmalarining xodimlar hayotida tutgan o‘rni, olib borayotgan ishlari, erishgan yutuqlari haqida tushunchalar berilib, o‘z navbatida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarini berib, qimmatli javoblar olishga erishdi.
Bunday tadbirlar belgilangan tartibda, reja asosida boshqa ta’lim muassasalarida davom ettiriladi.





Spelling error report
The following text will be sent to our editors: