«Uch avlod uchrashuvi» o‘tkazildi

O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Nukus shahar bo‘linmasi kengashi tashabbusi bilan 1 oktyabr –“O‘qituvchi va murabbiylar kuni” bayrami munosabati bilan joriy yilning 28-29 sentyabr kunlari shahardagi 19-, 24- va 27-sonli  umumiy o‘rta ta’lim maktablarida “Uch avlod uchrashuvi” tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirga umumiy o‘rta ta’lim maktablarida uzoq yillar mehnat qilib, bugungi kunda nafaqada o‘tirgan keksa mehnat faxriylari, hozirgi kunda faoliyat olib borayotgan o‘rta avlod vakillar va yosh mutaxassislar taklif etildi.

Ushbu uchrashuvning asosiy maqsadi, ko‘p yillik mehnat yo‘li va hayotiy tajribaga ega nuroniylar o‘zlarining hayot saboqlarini, qiyinchiliklarni qanday engib o‘tganligini va mehnatning qadrini yosh avlodga etkazish, keksalarga hurmat, insonga izzat kabi xalqimizning azaliy an’analarini va milliy tarbiyani yoshlar qalbiga singdirishdan iborat. Shuningdek, bugungi kunda hukumatimiz tomonidan ta’lim sohasini rivojlantirishga qaratilgan ishlarning natijalari, erishilayotgan yutuqlari va kelgo‘sida qilinishi lozim bo‘lgan ishlar haqida so‘z bordi.

Tadbirda so‘z olgan mehmonlar mehnat maydonida orttirgan bilim va ko‘nikmalari, o‘z sohasiga bo‘lgan sadoqati orqali yosh avlod uchun namuna bo‘la olishlarini alohida qayd etdilar.

“Uch avlod uchrashuvi” da boy hayotiy tajribalar almashildi, fikr-mulohazalar tinglandi. Yosh kasaba uyushma a’zolarining g’oyalari va tashabbuslari o‘ta muhim rol o‘ynashi ta’kidlab o‘tildi.

Bu kabi uchrashuvlar kasaba uyushmalari faoliyatidagi davomiylik va tajriba almashuvining yorqin namoyoni bo‘lib, yoshlar qalbida mehnatga, ustozlarga bo‘lgan hurmat tuyg’usini yanada mustahkamlaydi.