Ta’lim sohasi xodimlari sportda bellashdi

8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun va Bosh Qomusimizning 33 yilligi munosabati bilan joylarda sog’lom turmush tarzini targ’ib qiluvchi ommaviy sport tadbirlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri Nukus shahrida bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Nukus shahar bo‘linmasi tashabbusi bilan joriy yilning 5 va 6-dekabr kunlari Nukus shahridagi 32-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining sport bazasida sportning Shaxmat, Shashka, Stol tennisi, Darts turlaridan sport musobaqasi tashkil etildi.

Ushbu musobaqada shahar bo‘linmasi tarkibidagi ta’lim tashkilotlarida mehnat qilayotgan xodimlar o‘zaro kuch sinashdilar.

Qizg’in bahs va o‘zaro murosasiz kurashlar ostida o‘tgan bellashuvlar xodimlarning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirib, ularning g’alabaga bo‘lgan ishtiyoqi va jamoaviy ruhini mustahkamladi. Barcha ishtirokchilar o‘zining g’alabasi uchun mas’uliyat bilan, ahil va uyushqoqlikda harakat qildilar.

Musobaqa yakunida g’oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Nukus shahar bo‘linmasi kengashi tomonidan tayyorlangan diplom va esdalik sovg’alari bilan taqdirlandilar. Ushbu tadbir nafaqat bayram sovg’asi, balki xodimlarning salomatligini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.