2025 yil 18 iyul sanasida Nukus shahridagi «Oqqush» majmuasida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog’iston Kengashining VIII hisobot-saylov konferentsiyasi bo‘lib o‘tdi.
Konferentsiyada Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo‘qorg’i Kengesi raisi Orinbaev Amanbay Tleubaevich, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senati a’zosi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Rafiqov Qudratulla Mirsagatovich hamda bir qator vazirlik, idoralar vakillari, konferentsiyaning 121 delegati ishtirok etdi.
O‘tgan hisobot davri davomida kasaba uyushmalari respublikamizdagi eng yirik fuqarolik jamiyati institutlaridan biri sifatida ushbu yo‘nalishda ijtimoiy sheriklik tamoyillari asosida faoliyat yuritib, katta yutuqlarga erishgani, shu bilan birga, kasaba uyushmalari hukumatimizning eng yaqin hamkori va ishonchli sherigi sifatida mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ishlarida katta hissa qo‘shib kelayotganligi haqida so‘z yuritildi.
Tadbirda qayd etilganidek, 2025 yil kasaba uyushmalari faoliyatida muhim bosqich bo‘lib, bu yil kengashning nafaqat besh yillik faoliyati sarhisobi, balki harakatning 120 yilligi ham keng nishonlanmoqda.
Konferentsiyada Qoraqalpog’iston kengashining 2020-2025 yillarga oid hisoboti va taftish komissiyasining faoliyati to‘g’risidagi hisoboti ham tinglandi va hisobot davridagi ishlari qoniqarli deb topildi, oldindagi vazifalar belgilab olindi.
Majlis davomida, Delegatlar yashirin ovoz berish yo‘li bilan Qoraqalpog’iston Kengashining raisi va uning o‘rinbosarini sayladi.
Saylov natijalariga ko‘ra, Qoraqalpog’iston Kengashining raisi lavozimiga Ulug’bek Abilaevich Jalmenov va uning o‘rinbosari lavozimiga Muratbay Quanishbaevich Daniyarovlar hamda ijroiya qo‘mitasi, taftish komissiyasining a’zolari va raisi saylandi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining IX Qurultoyiga delegatlar sayladi va Bosh kengash tarkibiga vakillarini ham tasdiqladi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: