OBODONLAShIRISH ISHLARI QIZG’IN

Ma’lumki, 2024 yil 29 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida “Yashil makon” loyihasini amalga oshirishga bag’ishlangan videoselektor yig’ilishi bo‘lib o‘tdi. Loyiha doirasida joriy yilning bahorida 125 million tupga yaqin ko‘chat ekish rejalashtirilgan bo‘lib bu borada Bolalarning dam olishini va sog’lomlashtirilishini tashkil etish departamenti tasarrufidagi Qoraqalpog’istonda faoliyat yuritayotgan oromgohlarda mavsumoldi tayyorgarlik ishlari va bahorgi ko‘chat ekish, obodonlashtirish ishlari keng miqyosda olib borilmoqda. Birgina «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida yaqindagina o‘tkazilgan hashar tadbirlarida barcha oromgohlar yangi ko‘chatlar bilan boyitilib, mavjudlariga shakl berildi. Jumladan, “ Oq kema” oromgohida 470 ta, “Orol bolalari” da 120 ta, “Oq kabutar” da esa 151 tadan, “Aydin jol”da 150 ta, shuningdek, “Turon” va “Orol” oromgohlarining har biriga 190 dan va 60 dan ziyod mevali, manzarali ko‘chatlar qadalib, turli ifor taratuvchi anvoyi gullar ekildi hamda tevarak-atrof, yo‘laklar tozalanib, yangicha tusga kirdi. Mazkur tashabbusda oromgoh xodimlarining mehnati alohida bo‘lib, obodonlashtirish ishlari uyushqoqlik bilan o‘tgani bois hudud atrofi go‘zallikka burkandi.

Obodlik ko‘ngildan boshlangani kabi “Oq kema” oromgohidagi obodonlashtirish ishlaridan keyingi ko‘rinish nafaqat ko‘zni quvnatadi, balki dilingda xushnudlik uyg’otadi,-deydi hasharchilardan biri.

Shuningdek, hududiy departament tomonidan mavjud oromgohlarda 2024 yil yoz mavsumiga tayyorgarlik ishlarini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruh shakllantirilgani ish unumdorligining yanada oshishiga xizmat qiladi.