O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Qoraqalpog’iston Respublikasi birlashgan qo‘mitasi tomonidan boshlang’ich kasaba uyushmasi qo‘mitasi raislari va faollari hamda ish beruvchilar vakillari ishtirokida «Madaniyat, sport va turizm sohasida ijtimoiy sheriklik: xodimlarning mehnat huquqlarini ta’minlashda hamkorlik» mavzusida o‘quv-seminari tashkil qilindi.
Seminarda O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining tashkiliy ishlar bo‘yicha bosh mutaxassisi Aripov Jamshid, Respublika Kengashining bosh yuriskonsulti Gaynazarov Orifjon ishtirok etdi.
Seminarning asosiy maqsadi — yangilangan Mehnat kodeksi doirasida soha xodimlarining ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy manfaatlarini ta’minlash, ish beruvchilar va kasaba uyushmalari o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish hamda mehnat muhofazasini kuchaytirishdan iboratdir.
Seminarda ta’kidlanganidek, madaniyat, sport va turizm muassasalari xodimlarining mehnat sharoitlari o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Ayniqsa, ish vaqtidan tashqari va dam olish kunlaridagi mehnatga to‘g’ri haq to‘lash, ichki mehnat tartibini qonuniy asosda tashkil etish hamda ish joylarida xavfsizlik qoidalariga rioya qilinishi bugungi kunning eng dolzarb masalalaridir.
Tadbir davomida ishtirokchilar ish beruvchilar va kasaba uyushmalari raislarining tizimli muloqoti mehnat nizolarining oldini olish hamda muassasalarda sog’lom ma’naviy-ruhiy muhitni shakllantirishning asosiy omili ekanligi e’tirof etildi.
«Kasaba uyushmalari va ish beruvchilar bir-biriga raqib emas, balki umumiy maqsad yo‘lida harakat qiluvchi sheriklardir. Xodim uchun xavfsiz, qulay va munosib ish haqi to‘lanadigan ish joyi yaratilsagina, madaniyat yoki sport tashkilotida ish samaradorligi va yutuqlar yuqori bo‘ladi. Bizning asosiy vazifamiz — mana shu muvozanatni qonun ustuvorligi asosida ushlab turishdir», — deya ta’kidladi kasaba uyushmasi Respublika Kengashi bosh mutaxassisi J.Aripov.
Seminarda huquqiy va amaliy masalalar yuzasidan qizg’in bahs-munozaralar o‘tkazildi. Xususan, yangi xodimlarni sinov muddati davrida rag’batlantirish, intizomiy jazolarni muddatidan oldin olib tashlash tartibi va Moddiy rag’batlantirish jamg’armasi (FMS) mablag’larini adolatli taqsimlash bo‘yicha mutaxassislar tomonidan aniq huquqiy tushuntirishlar berildi.






Spelling error report
The following text will be sent to our editors: