Mardlar maydonda sinaldi

14 yanvar – O‘zbekiston Respublikasi Vatan himoyachilari kuni bayrami munosabati bilan joylarda sog’lom turmush tarzini targ’ib qiluvchi ommaviy sport tadbirlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri Nukus shahrida bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Nukus shahar bo‘linmasi tashabbusi bilan joriy yilning 14 yanvar kuni Nukus shahridagi 32-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining sport bazasida sportning Armrestling, Tosh ko‘tarish, Orqan tortish turlaridan sport musobaqasi tashkil etildi.

Ushbu musobaqada shahar bo‘linmasi tarkibidagi umumta’lim tashkilotlarida mehnat qilayotgan xodimlar o‘zaro kuch sinashdilar.

Qizg’in bahs va o‘zaro murosasiz kurashlar ostida o‘tgan bellashuvlar xodimlarning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirib, ularning g’alabaga bo‘lgan ishtiyoqi va jamoaviy ruhini mustahkamladi. Barcha ishtirokchilar o‘zining g’alabasi uchun mas’uliyat bilan, ahil va uyushqoqlikda harakat qildilar.

Musobaqa yakunida g’oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar va jamoalar O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Nukus shahar bo‘linmasi kengashi tomonidan tayyorlangan diplom va esdalik sovg’alari bilan taqdirlandilar. Ushbu tadbir nafaqat bayram sovg’asi, balki xodimlarning salomatligini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.