Yoshlar bilan ochiq muloqot: Kasaba uyushmalari faoliyati va ijtimoiy rivojlanish

So‘nggi yillarda O‘zbekiston kasaba uyushmalari tomonidan yoshlar muammolarini o‘rganish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish va sog’lom turmush tarzini targ’ib qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda yoshlar bilan ochiq uchrashuvlar va muloqotlar alohida ahamiyat kasb etadi.

2025 yil 29 oktyabr kuni Nukus shahrida Samarqand davlat veterinariya, tibbiyot, farmatsevtika va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali majlislar zalda O‘zbekiston kasaba uyushmasi Federatsiyasining Qoraqalpog’iston kengashi raisi, Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo‘qorg’i Kengesi deputati Ulug’bek Jalmenov yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tadbirda shuningdek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi o‘rinbosari, Mehnat inspektsiyasi boshlig’i Qobiljon Qirg’izaliev  ishtirok etib, yurtimizda yoshlarga yaratib erilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil so‘z yuritdi.

Uchrashuvda yoshlarga kasaba uyushmalari tizimini takomillashtirish, mamlakatda demokratik tamoyillarni rivojlantirish, fuqarolarning huquqiy ongi va ijtimoiy faolligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Bu, o‘z navbatida, yoshlarning jamoatchilik va mehnat faolligiga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirdi.

Shuningdek, ta’lim olish bilan birga jamoatchilik ishlariga hissa qo‘shib kelayotgan, iqtidorli va kam ta’minlangan, shuningdek jismoniy imkoniyati cheklangan talabalar kasaba uyushmalari tomonidan ta’sis etilgan stipendiyalar va respublikamizning eng yaxshi sanatoriylariga bepul yo‘llanmalar bilan rag’batlantirildi. Bir guruh yosh mutaxassislar “Faxriy yorliqlar” va esdalik sovg’alar bilan taqdirlandi.

Bunday tadbirlar yoshlarning huquqiy va ijtimoiy ongini yuksaltirishda, ularni mamlakat hayotida faol ishtirok etishga undashda muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga, kasaba uyushmalari faoliyati yoshlar va jamoatchilik orasida ishonchni mustahkamlaydi va ijtimoiy adolat tamoyillarini amaliyotda rivojlantirishga xizmat qiladi.

Ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan uchrashuvda universitetda faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislar va faol talabalar ishtirok etdi.