O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qoraqalpog’iston kengashi majlislar zalida 18-noyabr– O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog’i qabul qilinganining 33 yilligi munosabati bilan “Bayrog’im — mening faxrim, g’ururim” mavzusida Ma’rifat soati o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekistn kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qoraqalpog’iston kengashi raisi o‘rinbosari M.Daniyarov so‘zga chiqib davlat bayrog’idagi 12 yulduz tasvirini o‘zbek xalqi madaniyatining qadimiyligi, uning komillikka, o‘z tuprog’ida saodatga intilishi ramzi sifatida tushunish lozimligi to‘g’risida so‘z yuritdi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasining Qoraqalpog’iston Respublikasi hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi Jamalov Nurilla va boshqalar so‘zga chiqib bayroq sport musobaqalari va boshqa yuqori darajadagi uchrashuvlarda O‘zbekiston bayrog’ining xilpirashi to‘g’risida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Ta’kidlash lozim, bayroq qadim-qadimdan har bir xalqda mustaqillik, ozodlik, tinchlik va barqarorlik timsoli bo‘lib kelgan. Xususan, ajdodlarimiz yurt bayrog’ini muqaddas bilib uni ardoqlaganlar, ko‘z qorachig’idek saqlaganlar.
BMT binosida unga a’zo bo‘lgan mustaqil davlatlar qatori O‘zbekistonning ham bayrog’i hilpirab turibdi. Aslida har bir bayroqning o‘z tarixi, u mansub bo‘lgan yurt suvratiyu siyratiga monand qiyofasi bor.
Bayroq atamasi eski turkiy atama bo‘lib, u bundan ming yillar avval ham aynan shu ma’noda qo‘llangan. Tilshunoslarning aytishicha, bu nom qadimgi turkchada baziraq, badiroq, batiroq tarzida ham qo‘llangan. Ya’ni, bayroq biror el-ulus, qavmning erkinlik belgisi bo‘lib, u baland joylarga, hukmdorlar chodiriga o‘rnatib, sanchib (botirib) qo‘yilgan. Uni tug’, yalov, sanchoq (sanjoq) nomlari bilan ham ataganlar.
Tariximizda hukm surgan turli sulolalar, davlatlar ham o‘z bayroqlariga ega bo‘lgan. Masalan, qadimgi Ko‘kturk hoqonligi, Amir Temur davlati bayrog’i moviy, qadimgi ajdodlarimiz bo‘lgan xunlarning bayrog’i oq, G’aznaviylar davlati, Qo‘qon xonligi bayroqlari yashil, Turkiston muxtoriyati bayrog’i ko‘k va qizil ranglarda edi. Binobarin, bayrog’imizni qabul qilishda, unda muayyan ranglarni belgilashda tarixiy an’analarimizga alohida urg’u berilgan.
Yaqin tariximizga nazar soladigan bo‘lsak, hali sobiq tuzum paytidayoq, 1990 yilning mart oyida o‘tgan parlament sessiyasida yurtimizning davlat ramzlari haqidagi masala muhokama qilingan edi. O‘sha yilning 20 iyun kuni qabul qilingan Mustaqillik deklaratsiyasida ham O‘zbekiston o‘z taraqqiyot yo‘lini o‘zi belgilashi, bayroq, gerb, madhiya singari ramzlarni o‘zi ta’sis etajagi qayd etildi.
Vatanimiz mustaqillikka erishgan dastlabki pallada – 1991 yilning 18 noyabrida Davlat bayrog’i to‘g’risidagi qonun qabul qilindi. Ushbu qonunga ko‘ra, bayrog’imiz davlat suverenitetining ramzi bo‘lib qoldi.
Bugun xalqimizning, yoshlarimizning bayroqqa, milliy ramzlarga bo‘lgan mehri, sadoqati oshib borayotganini ko‘rib, xursand bo‘ladi odam.
O‘zbekiston Respublikasi bayrog’i qabul qilingan kun barchangizga muborak bo‘lsin!
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: