Bugungi kunda global iqlim o‘zgarishi, suv resurslari tanqisligi va atrof-muhit ifloslanishi kabi muammolar shunchaki nazariy muhokama emas, balki har bir insonning kundalik turmushi, salomatligi va kelajagiga bevosita ta’sir ko‘rsatayotgan o‘ta dolzarb masaladir. Shu bois, xodimlarning xavfsiz va toza atrof-muhitda mehnat qilishini ta’minlash hamda jamoalarda ekologik madaniyatni shakllantirish zamonaviy kasaba uyushmalarining ustuvor vazifalaridan biriga aylanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli bayonnomasi va O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan “Ekologik faol kasaba uyushmasi jamoasi” Respublika ko‘rik-tanlovining Qoraqalpog’iston Respublikasi bosqichi aynan shu xayrli maqsadlarga xizmat qildi. Tadbirda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qoraqalpog’iston kengashi raisi Ulug’bek Jalmenov, kasaba uyushma qo‘mitalari raislari hamda soha faollari ishtirok etdi. Tanlov yakuniga ko‘ra, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti, Mo‘ynoq tumani tibbiyot birlashmasi, Qoraqalpog’iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, “Qoraqalpoq suv ta’minoti” AJ hamda Qoraqalpog’iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti jamoalari 1-o‘rnini egalladilar. 2-o‘ringa To‘rtko‘l tumanidagi 29-sonli umumta’lim maktabi hamda Qonliko‘l tumani tibbiyot birlashmasi munosib ko‘rilgan bo‘lsa, 3-o‘rin Nukus shahridagi 40-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti jamoasiga nasib etdi. G’oliblarga tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg’alari topshirildi.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, bu kabi tanlovlar nafaqat mehnat jamoalari o‘rtasida sog’lom raqobat muhitini shakllantiradi, balki xodimlarning ekologik mas’uliyatini oshirib, tabiatni asrab-avaylashdek ezgu g’oya atrofida jipslashishiga xizmat qiladi.







Spelling error report
The following text will be sent to our editors: