Keksalarni e’zozlash – ezgu qadriyat

Xalqimizda «Ustoz otangdek ulug'» degan hikmat bejiz aytilmagan. Ular butun umrini, bilimi va qalb qo‘rini yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga bag’ishlagan fidoyi insonlardir.

1-oktyabr – «O‘qituvchi va murabbiylar kuni» bayrami munosabati bilan, shuningdek, «Keksalarga hurmat – yoshlarga ibrat» degan shiorni o‘zida mujassam etgan «Keksalar haftaligi» tadbiri doirasida O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Nukus shahar bo‘linmasi kengashi tomonidan ezgu tashabbus amalga oshirildi.

Kasaba uyushmasi vakillari ta’lim muassasalarida uzoq yillar samarali mehnat qilib, o‘z kasbining mohir ustalari sifatida minglab shogirdlarga ustozlik qilgan va bugungi kunda keksayib borayotgan bir guruh mehnat faxriylarining xonadonlarida bo‘ldi.

Tadbir davomida o‘ttizdan ortiq ustozlarning holidan xabar olinib, ularga bayram tabrigi va esdalik sovg’alari topshirildi. chin yurakdan muloqotlar chog’ida faxriy o‘qituvchilar o‘zlarining boy hayotiy tajribalari, o‘tmishdagi yorqin xotiralari bilan o‘rtoqlashdi. Ularning yuzlaridagi minnatdorlik va quvonch hissi tadbir tashkilotchilariga ham o‘zgacha iliqlik bag’ishladi.

Bunday ehtirom tadbirlari ta’lim sohasining «oltin fondi» bo‘lgan faxriylarni e’zozlash, ularning maslahatlari va duolarini olish hamda yosh avlodni keksalarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega. Kasaba uyushmasining bu sa’y-harakatlari ustozlarga bo‘lgan yuksak e’tiborning yorqin ifodasidir.