Yoshlar – kasaba uyushmasi e’tiborida

2023 yil 3 noyabr kuni Nukus shahridagi “Yoshlar markazi”da O’zbekiston kasaba uyushmasi Federatsiyasining Qoraqalpog’iston kengashi raisi, Senator Jalmenov Ulыkbek Abilaevichning yoshlar bilan ochiq muloqoti bo’lib o’tdi. Unda mamlakatimiz oliy o’quv yurtlarida ta’lim olayotgan talabalar hamda korxona va tashkilotlarda mehnat qilayotgan yosh mutaxassislar va kasaba uyushma faollari ishtirok etdilar.

11 noyabr — O’zbekiston kasaba uyushmalari kuni bayrami arafasida tashkil etilgan mazkur tadbirda yoshlarga mamlakatimizda demokratik tamoyillar, Yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish jarayonida orttirilgan tajriba va jamoatchilik muhokamasi natijalari asosida ishlab chiqilgan «O’zbekiston – 2030» strategiyasi, shuningdek fuqarolar, ayniqsa, yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, ijtimoiy faolligini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar to’g’risida batafsil tahliliy ma’lumotlar berildi.

Tadbirda mazkur yo’nalishlardagi ishlar bilan birga bugungi kunda kasaba uyushmalari tizimini takomillashtirish yo’nalishida amalga oshirilayotgan ishlar, bu orqali mehnat kodeksi, jamoa kelishuvlari va shartnomalariga kiritilayotgan o’zgarish va qo’shimchalar xususida ham so’z bordi.

Tadbir doirasida ta’lim olish bilan birga, jamoatchilik ishlariga munosib hissa qo’shib kelayotgan, har tomonlama namunali va iqtidorli, shuningdek, kam ta’minlangan oilalardan bo’lgan va jismoniy imkoniyati cheklangan talabalar kasaba uyushmalari tomonidan ta’sis etilgan stipendiyasi va resrublikamizning eng yaxshi sanatoriylariga bepul yo’llanmalar bilan rag’batlantirildi.

Va shular qatorida bir qator yosh mehnatkashlarga kengashning “Faxriy yorliqlar”i topshirildi.