Til — millatni millat sifatida saqlab qoluvchi eng asosiy omillardan biri sanaladi. Til orqali xalq o’z ruhiyatini, tafakkurini, tarixi va madaniyatini ifoda etadi. Shu bois, har bir inson o’z ona tilini yaxshi bilishi, unga hurmat bilan qarashi, uni ardoqlashi zarur.
Yurtimizda til masalasiga, ayniqsa, o’zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqeiga katta e’tibor qaratilmoqda. Buyuk mutafakkir Alixonto’ra Sog’uniy o’z asarlarida ta’kidlaganidek: “Odam o’zligini unutmasligi uchun uch narsani qo’ldan boy bermasligi kerak: Vatanini, dinini va tilini”. Bu fikr bugungi kunda ham o’z dolzarbligini yo’qotmagan.
1989 yil 21 oktyabrda o’zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan. Ushbu sana nafaqat yurtimiz tarixida, balki har bir fuqaro hayotida muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayni shu munosabat bilan O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qoraqalpog’iston kengashida “Til – millatning faxri,g’ururi ” mavzusida ma’rifat soati tashkil etildi. Tadbirda Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Nukus shahar bo’limi xodimi Gulbahor Sodiqova, Qoraqalpog’iston xalq shoiri Abilqasim O’tepbergenov hamda kasaba uyushma faollari ishtirok etdi.
Tadbirda so’zga chiqqanlar tilning inson qalbida, milliy o’zlikni shakllantirishdagi roli haqida fikr yuritdilar. Til nafaqat aloqa vositasi, balki xalqning tarixi, buguni va kelajagi, madaniyati va ma’naviyatini o’z ichiga olgan boy ma’naviy meros ekani ta’kidlandi.
—Ma’lumotlarga ko’ra, dunyoda 7000 ga yaqin til mavjud bo’lsa-da, faqat 200 ta atrofidagi tillargina davlat tili maqomiga ega. Ular qatorida o’zbek tilining ham mavjudligi — uning buyukligini, so’zga boyligini va jahon hamjamiyatida munosib o’ringa ega ekanligini ko’rsatadi,-deydi Gulbaxor Sadikova Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Nukus shahar bolimi xodimi.
Shuningdek, Qoraqalpog’iston xalq shoiri Abilqasim O’tepbergenov hayotiy voqealarni gapirib o’tish barobarida, qardosh tillardagi she’rlari bilan tadbirni yanada boyitdi.
Ma’rifat soati qizg’in muloqot tarzida o’tdi. Ishtirokchilar tomonidan davlat tilining bugungi ahvoli, uni rivojlantirish, til madaniyatini oshirish masalalari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: