“Ayollar daftari”ning 5-bosqichida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha navbatdagi yig’ilish bo‘lib o‘tdi

13 sentyabr kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qoraqalpog’iston Kengashida “Ayollar daftari”ning 5-bosqichi bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan videokonferentsiya yig’ilishi bo‘lib o‘tdi. Mazkur videokonferentsiyada barcha tuman va shahar “Ayollar daftari” bo‘yicha mas’ullar, jumladan, prokuratura, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, hokimlik, ichki ishlar bo‘limi, soliq inspektsiyasi vakillari hamda kasaba uyushma faollari ishtirok etdi.

Yig’ilishda shtab rahbarlaridan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qoraqalpog’iston Kengashi raisi Ulug’bek Jalmenov, O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Ravshan Bedilovlar so‘zga chiqib, joylarda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida aniqlangan kamchiliklar va yo‘l qo‘yilgan xatolarga batafsil to‘xtaldi. Jumladan Nukus tumanida mazkur daftar yuzasidan amalga oshirilgan ishlarning qoniqarsiz ekanligi, shuningdek, Nukus shahrida uy-joy ta’miri yuzasidan ishlar ortga surilayotgani, Amudaryo, Taxiatosh, Qonliko‘l, To‘rtko‘l, Ellikqal’a, Sho‘manoy tumanlarida uy-joy bilan ta’minlash va ta’mirlash, tadbirkorlik bo‘yicha kredit masalalari, bir martalik moddiy yordam masalalarining oqsayotgani tanqid ostiga olindi. Kegeyli, Xo‘jayli, Mo‘ynoq, Taxtako‘pir singari ko‘pgina tumanlar “Ayollar daftari” bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinganida ushbu tumanlardagi ishlar boshqalariga qaraganda bir muncha yaxshi ekanligi ta’kidlandi. Shundan so‘ng kamchiliklarga yo‘l qo‘yayotgan mas’ullarga amalga oshirilishi kechiktirib bo‘lmaydigan aniq va qat’iy vazifalar belgilab berildi.