Yoshlar va mehnatkashlar – kasaba uyushma e’tiborida

2026 yil 11 noyabr kuni «11 noyabr — O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni» munosabati bilan «Yangi O‘zbekiston — Yangi kasaba uyushmalari» shiori ostida Nukus ilg’or kasbiy mahorat texnikumida mehnatkashlar va yoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston transport, yo‘l va kapital qurilish, qurilish industriyasi xodimlari kasaba uyushmasi Qoraqalpog’iston Respublikasi bo‘linmasi tizimidagi boshlang’ich kasaba uyushmasi tashkilotlari raislari bilan ham uchrashuv o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston transport, yo‘l va kapital qurilish, qurilish industriyasi xodimlari kasaba uyushmasi Qoraqalpog’iston Respublikasi Kengashi bo‘linmasi raisi G. Palvaniyazova, Nukus ilg’or kasbiy mahorat texnikumi o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari O. Tileuov hamda kasaba uyushmasi raisi A.Jusupovalar ishtirok etib, barchani bayram bilan samimiy tabrikladilar.

O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 23 noyabrdagi «O‘zbekiston kasaba uyushmalari kunini belgilash to‘g’risida»gi 648-sonli Qonuniga muvofiq, 11 noyabr «O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni» sifatida rasman nishonlanishi haqida so‘z yuritilib, bayram bilan barcha xodimlar qizg’in qutlandi. Shu bilan birga, bugungi kunda Yurtboshimiz tomonidan mamlakatimizda yaratib berilayotgan shart-sharoitlarga to‘xtalib o‘tildi. Tadbir davomida kasaba uyushmalari faoliyati hamda sohaga oid amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan ham fikr almashildi.

Shuningdek, texnikumda samarali mehnat qilib kelayotgan bir qator kasaba uyushmasi faollari bayram munosabati bilan faxriy yorliq va esdalik sovg’alari bilan taqdirlandi.