O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Nukus shahar bo‘linmasi kengashining hisobot-saylov konferentsiyasi bo‘lib o‘tdi

4 iyun kuni O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Nukus shahar bo‘linmasi kengashining hisobot-saylov konferentsiyasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu muhim tadbir shahar ta’lim va fan sohasi xodimlarining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish, o‘tgan davr faoliyatini sarhisob etish va kelgusidagi vazifalarni belgilab olishga qaratildi.

Konferentsiya ishida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qoraqalpog’iston kengashi raisi U.Jalmenov, O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Qoraqalpog’iston Respublikasi bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi R.Abduraxmanov, boshlang’ich tashkilotlardan saylangan 81 nafar delegatlar hamda kasaba uyushmasi faollari ishtirok etdilar.

Yig’ilishda O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Nukus shahar bo‘linmasi kengashining faoliyati, Taftish komissiyasining hisoboti tinglandi. Shuningdek, kengash tarkibi a’zolarini, kengash raisini, qo‘mita tarkibini, Taftish komissiyasi a’zolari va raisini hamda shahar kengashining yuqori kasaba uyushmasi tashkiloti konferentsiyasiga delegatlar nomzodlarini saylash kabi muhim tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi.

Dastlab, shahar bo‘linmasi kengashi raisi M.Daulbaev 2020 yil avgust oyidan 2025 yil may oyi oralig’ida bo‘linma kengashi tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan konferentsiya ishtirokchilariga batafsil hisobot berdi. Hisobotda o‘tgan davr mobaynida xodimlarning mehnat huquqlarini ta’minlash, madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish,  ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasidagi yutuq va kamchiliklar tahlil qilindi.

Shuningdek, Taftish komissiyasining hisoboti tinglanib, kengashning 2020 yil avgust oyidan 2025 yil may oyi oralig’ida olib borgan ishlariga baho berdi.

So‘ngra so‘zga chiqqanlar shahar bo‘linmasining 2020 yil avgust oyidan 2025 yil may oyi oralig’ida amalga oshirgan ishlarini muhokama qilib, faoliyatini “qoniqarli” deb baholadilar.

Konferentsiyaning eng muhim qismi – shahar bo‘linmasi kengashi raisi saylovi bo‘ldi.

Nukus shahar bo‘linmasi kengashi raisligiga Qoraqalpog’iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining щo‘’ba mutaxassisi S.Jumaniyazov, amaldagi raisi M.Daulbaev va bo‘linma mutaxassisi I.Rametovlarning nomzodlari ko‘rsatildi. Delegatlar taklif etilgan nomzodlarni bir ovozdan ma’qullab, saylov byulleteniga kiritdilar.

Keyingi besh yillik uchun shahar bo‘linmasi kengashini boshqarish maqsadida 81 nafar delegatlar ko‘rsatilgan nomzodlarga yashirin tarzda ovoz berdilar. Sanoq komissiyasi tomonidan ovozlar sanab chiqilib, natijalarga ko‘ra, M.Daulbaev ko‘pchilik ovoz bilan O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Nukus shahar bo‘linmasi kengashi raisi lavozimiga qayta saylandi.

Shuningdek, konferentsiyada kengash a’zolari, qo‘mita tarkibi, taftish komissiyasi a’zolari va raisi hamda yuqori turuvchi kasaba uyushmasi konferentsiyasiga delegatlar saylandi.

Hisobot-saylov konferentsiyasi Nukus shahar ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi uchun yangi davrdagi vazifalarni belgilab, kelgusi faoliyat yo‘nalishlarini aniqlashtirib olishda muhim ahamiyat kasb etdi.