EKOLOGIK TURIZM – TARAQQIYOTNING MUHIM OMILI

Bugun butun dunyoda ekologik muammolar avj olib, insoniyat hayotiga, salomatligiga jiddiy zarar etkazmoqda. Shu bois dunyo davlatlari ekologik muammolarni bartaraf etish borasida qator sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, mamlakatimizda ham davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ekologiya sohasidagi qator muammolarning oldini olish, ularning salbiy oqibatlarini yumshatishga qaratilgan amaliy ishlar olib borilmoqda.

Prezidentimiz tomonidan 2025 yilni O‘zbekistonda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilinishi  bejiz emas.

2025 yil 3-may kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog’iston kengashi tomonidan Ekoturizm aktsiyasi tashkil etildi.

Mazkur aktsiyadan maqsad yoshlar ongida atrof-muhitni asrash va ekologik madaniyatni rivojlantirish kabi fazilatlarni shakllantirishdan iborat.

Aktsiya doirasida 50 nafar nuroniy va yoshlardan iborat guruh ishtirokida Chilpiq qal’asi hamda Baday to‘g’ay qo‘riqxonasiga sayohat tashkil etildi.

Ishtirokchilar nafaqat sayohat qilishdi, balki, tashrif buyurilgan hudud atrofini chiqindilardan  tozalash, saranjom sarishta qilish ishlarini bajonidil bajarishdi.

Ekoturizmning maqsadi ham aynan hozirgi va kelajak avlodlarning ekologik xavfsizligi va barqaror rivojlanishini ta’minlash,shuningdek,  tabiatdan turistik yo‘nalishlarda oqilona foydalanish, muhofaza qilishdan iboratdir.

Zotan, tabiatni asrash-kelajakni asrash, demak. Albatta, kasaba uyushmasi tomonidan tashkil qilingan Ekoturizm aktsiyasida ham ayni jihatlar o‘z aksini topgan.