Rivojlanayotgan turizm salohiyati

Prezident qarori bilan mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmog’i sifatida turizmni jadal rivojlantirish uchun qulay iqtisodiy va tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratilib, hududlarning ulkan turizm salohiyatidan yanada to‘liq va samarali foydalanish imkoni yaratildi. Natijada yurtimizda turizm sohasini tubdan isloh qilish jarayoni boshlandi. Ma’lumki, turizm sohasidagi o‘zgarishlar milliy iqtisodiyotni rivojlantirishning strategik yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, u hududlarning jadal rivojlanishi uchun zamin yaratadi.

26 noyabr kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qoraqalpog’iston kengashida ayni masalalar yuzasidan yig’ilish o‘tkazildi. Yig’ilishda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi huzuridagi “Kasaba sayr” sho‘’ba korxonasi direktori Xidirov To‘lqin Uzakovich hamda tarmoqlarning Qoraqalpog’iston Respublikasi kengashlari, shahar va tuman kengashlari hamda barcha tarmoqlarda yirik korxonalardagi kasaba uyushma qo‘mitalari raislari qatnashdi.

Yig’ilishni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog’iston kengashi raisi Ulug’bek Jalmenov ochib berdi. Shundan so‘ng korxona rahbari To‘lqin Xidirov so‘zga chiqdi.

Jumladan, “ 2017 yildan bugunga qadar O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoev boshchiligida turizm sohasida yirik islohotlar amalga oshirilmoqda. Tahlillarga ko‘ra, 2015 yilda bizda bir vaqtning o‘zida respublika bo‘yicha bir kunning o‘zida 10 ming 200 nafar sayyoh qabul qilingan. Hozirgi kunga kelib ushbu ko‘rsatkich 70 mingdan oshdi. Bu esa turistlar oqimi tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi. Aytish joiz, turizm dunyoda eng dolzarb va kerakli soha. Agar dunyo bo‘yicha raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, Frantsiya bu borada etakchi. Ushbu davlatga yiliga 1milliondan ziyod sayyoh tashrif buyuradi, Amerika ikkinchi, Ispaniya ham ortda qolayotgani yo‘q. O‘zbekiston  mazkur sohada allaqachon o‘z yo‘lini topdi. Turizm infratuzilmasi rivojlanmoqda. Bundan tashqari ichki turizm, ekoturizm, madaniy, ziyorat, gastronomik va boshqa ko‘plab turizmlar jadal rivojlanib  bormoqda”,-deya keltirdi To‘lqin Xidirov o‘z so‘zida.

Shuningdek  yig’ilish ishtirokchilari tomonidan berilgan savollar va takliflari atroflicha tahlil qilindi hamda batafsil javoblar olindi.