“O‘zbekiston kasaba uyushmalari — 120 yil xalq bilan”

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qoraqalpog’iston kengashi tomonidan mamlakatda kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi hamda “11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni” munosabati bilan qator uchrashuv va muloqotlar tashkil etilmoqda.

Joriy yilning 3 noyabr kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qoraqalpog’iston  kengash raisi U.Jalmenov “Qo‘ng’irot soda zavodi” va “Nukus SSP Texnopark” MChJda bo‘lib, ishchi-xodimlar bilan suhbatlashdi va ularning mehnat sharoitlari bilan yaqindan tanishdi.

Uchrashuvlarda korxonalar faoliyati tahlil qilindi, shuningdek, ish beruvchi va kasaba uyushmalari o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklikni mustahkamlash, xodimlar huquq va manfaatlarini himoya qilish, mehnat muhitini yaxshilash va faol xodimlarni rag’batlantirish masalalari muhokama qilindi. Xodimlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashda kasaba uyushmalari muhim rol o‘ynayotgani alohida ta’kidlandi.

“Nukus SSP Texnopark” MChJda ishchilar uchun yaratilgan sharoitlar va amalga oshirilayotgan ijtimoiy tashabbuslar boshqalarga namuna sifatida qayd etildi. Korxonada 150 nafar ishchi doimiy ish bilan ta’minlangan bo‘lib, ularning daromadini oshirish, qo‘shimcha mehnat ta’tillari berish, sog’lomlashtirish ishlarini tashkil etish hamda faol xodimlarni moddiy va ma’naviy rag’batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish doirasida 36 million evroga teng aralash toladan ip yigirish liniyasi faoliyat yuritmoqda. Germaniyaning “Truetzschler GmbH & Co.KG” va Yaponiyaning “Murata Machinery LTD” kompaniyalaridan keltirilgan zamonaviy uskunalar ishga tushirilgan. Yangi to‘quv tsexi qurilishi ham davom etmoqda, uning qiymati 18 million evro va barpo etilayotgan 11,5 ming kvadrat metr maydonning 50 foizi yakunlangan. Tsex ishga tushirilsa, yana 400 nafar aholi ish bilan ta’minlanadi.

Loyiha to‘liq amalga oshirilgandan so‘ng, korxona yillik 50 million dollarlik mahsulot ishlab chiqaradi, shundan 15 million dollari eksportga yo‘naltiriladi, va 1200 yangi ish o‘rni yaratiladi. Bu Qoraqalpog’iston sanoati rivojiga va aholi turmush darajasini oshirishga katta hissa qo‘shadi.

Uchrashuv yakunida mehnatda faol va tashabbuskor ishchi-xodimlarga kasaba uyushmalarining “Faxriy yorliq” va esdalik sovg’alari topshirildi. Bunday tadbirlar mehnat jamoalarida ijtimoiy muhitni mustahkamlash, xodimlar mehnatiga e’tibor va hurmatni oshirishga xizmat qilmoqda.