Nukus shahridagi Respublika qon quyish markazida “15-fevral saraton kasalligiga chalingan bolalar kuni” munosabati bilan «Men donorman» aktsiyasi bo‘lib o‘tdi.
Insonning hayotini asrab qolish ko‘pincha qon quyish jarayoni bilan bog’liq. Qon esa kimyo laboratoriyalarida ishlab chiqilmaydi, u inson organizmidagi bebaho ne’mat. Faqat yaxshi insonlarning yordami bilangina og’ir ahvoldagi bemorlarni hayotga qaytarish, ularning umriga umr qo‘shish mumkin.
Keyingi yillarda bunday savob amalni bajarayotgan insonlarning soni tobora ortayotgani quvonarli. Qolaversa, donorlikning afzalliklari bo‘yicha turli aktsiya, targ’ibot tadbirlarining ham ko‘paygani ezgu ishga bosh qo‘shayotganlar soni oshishiga turtki bo‘lmoqda.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog’iston Kengashi tomonidan tashkil etilgan aktsiyada 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar, harbiy xizmatchilar, talaba-yoshlar, davlat xizmatchilari, ko‘ngilli yoshlar va keng jamoatchilik vakillari donor sifatida ishtirok etdi.
Mazkur tadbir respublikaning boshqada tumanlardagi tibbiyot muassasalarida ham o‘tkazildi.
Xayriya tadbirida gepatitga chalinmagan, “D” ro‘yxatda turmaydigan sog’lom fuqarolarning donor sifatida ishtirok etishlari ta’minlandi.
Sog’lom kishi uchun qon topshirish mutlaqo xavfsiz. Sababi, inson organizmida odatda 4,5-5 litr qon bo‘ladi va undan 200 yoki 400 ml olinadi. Organizmda esa kamaygan qon miqdorini 36 soat ichida to‘liq tiklab olish xususiyati mavjud. Eng muhimi, arterial gipertoniya xastaligining oldini olish, moddalar almashinuvini yaxshilash va immun tizimini mustahkamlashda qon topshirishning ahamiyati katta.
Insonning insonga qon topshirishdek oliy darajadagi hadyasi bo‘lmasa kerak. Bu orqali kimgadir hayot bag’ishlash – eng savob ishlardan biri sanaladi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: