Boshlang’ich kasaba uyushmasi tashkilotlari faoliyatiga bag’ishlangan o‘quv seminarlari o‘tkazildi

Taxtako‘pir va Qorao‘zak tumanlarida boshlang’ich kasaba uyushmasi tashkilotlari raislari ishtirokida «Kasaba uyushmalari boshlang’ich tashkilotlari ishlarini Ustav talablari asosida olib borish» mavzusida o‘quv seminarlari o‘tkazildi.

Seminarlarda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi o‘rinbosari, Qoraqalpog’iston Kengashi raisi Uliqbek Jalmenov ishtirok etdi.

O‘quv seminarlarining asosiy maqsadi — boshlang’ich kasaba uyushmasi tashkilotlari faoliyatini Ustav talablari asosida samarali tashkil etish, kasaba uyushmasi a’zolarining mehnat huquqlari va ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish borasida raislarning bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirishdan iborat.

Seminarlarda boshlang’ich tashkilotlarning vazifalari, kasaba uyushmasi yig’ilishlarini tashkil etish, saylanadigan organlar faoliyati, hujjatlarni yuritish, a’zolikni mustahkamlash, mehnat qonunchiligiga rioya etilishini ta’minlash hamda ish beruvchi bilan ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, ishtirokchilarga Ustav talablarini amaliyotda to‘g’ri qo‘llash, xodimlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, boshlang’ich tashkilotlar faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Tadbirlar ochiq muloqot va savol-javoblar asosida o‘tkazilib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldilar.

Shuningdek tadbir yakunida Taxtakopir tumanida chorvachilik sohasini rivojlantirish, sohada mehnat qilayotgan fidoyi insonlarni qollab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan 4 nafar cho‘ponga “Bo‘zatov” sanatoriysiga bepul yo‘llanmalar berildi.