Ta’lim muassasa(maktab)lari xodimlari o‘rtasida “O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kubogi” sport musobaqalarning Qoraqalpog’iston Respublikasi bosqichi o‘tkazildi

2024 yil 7-may kuni Nukus shahri 1-sonli sport maktabida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida ta’lim muassasalari o‘qituvchilari o‘rtasida “Sog’lom tanda – sifatli ta’lim” shiori ostida “O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kubogi” sport musobaqalarning Qoraqalpog’iston Respublikasi bosqichi o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son Farmoni bilan tasdiqlangan “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”ning 67-maqsadida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug’ullanadiganlar sonini oshirish, ta’lim muassasalari xodimlarini sport tadbirlariga keng jalb qilish, ular o‘rtasida musobaqalar tashkil qilish, sport infratuzilmasini yaxshilash va zarur sport inventarlari bilan jihozlash, xodimlarning jismoniy faolligi darajasini oshirish, ta’lim muassasalaridagi sport seksiyalari va to‘garaklari faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashish, o‘qituvchilarning bo‘sh vaqtlarida sport bilan shug’ullanishlari uchun sharoit yaratish maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog’iston Kengashi, Qoraqalpog’iston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Qoraqalpog’iston Respublikasi Sport vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog’iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan tasdiqlangan qo‘shma qaror asosida “Sog’lom tanda – sifatli ta’lim” shiori ostida “O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kubogi” sport musobaqalarning Qoraqalpog’iston Respublikasi bosqichi Nukus shahri 1- va 2-sonli sport maktablarida, Qoraqalpoq davlat universiteti, Nukus davlat pedagogika instituti hamda Yoshlar markazida bo‘lib o‘tdi.

Musobaqada, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog’iston Kengashi, Qoraqalpog’iston Respublikasi Sport vazirligi, Qoraqalpog’iston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog’iston Respublikasi boshqarmasi vakillari, shuningdek, tarmoq kasaba uyushmalari Qoraqalpog’iston Respublikasi Kengashi raislari, ma’sul tashkilotchilar hamda tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etdi hamda musobaqa ishtirokchilariga muvoffaqiyatlar tiladi. Musobaqada sportning mini-futbol, shaxmat, shashka, stol tennisi va voleybol turlari bo‘yicha o‘qituvchi va murabbiylar o‘zaro kuch sinashdi. Mazkur musobaqaning quyi bosqichlarida 17 ming 18 nafardan ortiq ta’lim muassasalarining xodimlari ishtirok etdi.

Kun davomida sport musobaqalari qizg’in davom etib tajribali hakamlar hay’ati tomonidan g’olib jamoalar aniqlandi.

“Sog’lom tanda – sifatli ta’lim” shiori ostida “O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kubogi” sport musobaqalarning Qoraqalpog’iston Respublikasi bosqichida jamoaviy hisobda 3-o‘rinni Amudaryo tuman jamoasi, 2-o‘rinni Taxiatosh tuman jamoasi, 1-o‘rinni Nukus shahar jamoalari g’olib deb deb aniqlandi.

Jamoaviy hisobda g’olib bo‘lgan Nukus shahar jamoasiga “O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kubogi” hamda 30 million so‘m pul mukofoti topshirildi.

Shuningdek, g’olib jamoaga hamda turli nominatsiya egalariga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog’iston Kengashi tomonidan diplom va sovg’alar topshirildi.