G’oliblar munosib tag’dirlandi

2026 yil 6-may kuni Nukus shahri 1-sonli sport maktabida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida ta’lim muassasalari xodimlari o‘rtasida “Sog’lom tanda – sifatli ta’lim” shiori ostida “O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kubogi” sport musobaqalarning Qoraqalpog’iston Respublikasi bosqichi o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son Farmoni bilan tasdiqlangan “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”ning 67-maqsadida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, ta’lim muassasalari xodimlarini sport tadbirlariga keng jalb qilish, ular o‘rtasida musobaqalar tashkil qilish, xodimlarning jismoniy faolligi darajasini oshirish, o‘qituvchilarning bo‘sh vaqtlarida sport bilan shug’ullanishlari uchun sharoit yaratish maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog’iston Kengashi, Qoraqalpog’iston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Qoraqalpog’iston Respublikasi Sport vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog’iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan tasdiqlangan qo‘shma qaror asosida “Sog’lom tanda – sifatli ta’lim” shiori ostida Kasaba uyushma kubogi sport musobaqalarning Qoraqalpog’iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Sport musobaqalari Nukus shahri 1- va 2-sonli sport maktabida, Qoraqalpoq davlat universiteti, TATU Nukus filiali hamda Yoshlar markazida  tashkil etildi.

Musobaqada, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi o‘rinbosari, Qoraqalpog’iston Kengashi raisi U.Jalmenov, Qoraqalpog’iston Respublikasi Sport vaziri E.Qutibaev, Qoraqalpog’iston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Q.Ismaylov hamda O‘zbekiston Respublikasi yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog’iston Respublikasi boshqarmasi vakillari hamda O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining Qoraqalpog’iston Respublikasi bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi R.Abduraxmanov, tegishli tashkilot vakillari ishtirok etdi. Musobaqada o‘tgan bosqichlarda g’olib bo‘lgan 17 jamoadan 544 o‘qituvchi va murabbiylar sportning mini-futbol, shaxmat, shashka, stol tennisi va voleybol turlari bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdi. Mazkur musobaqaning quyi bosqichlarida 19 ming 366 nafardan ortiq ta’lim muassasalarining xodimlari ishtiroki ta’minlandi.

Kun davomida sport musobaqalari qizg’in davom etib tajribali hakamlar hay’ati tomonidan g’olib jamoalar aniqlandi.

Jamoaviy hisobda g’olib bo‘lgan Kegayli tuman jamoasiga “O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kubogi” hamda 30 million so‘m pul mukofoti topshirildi.

Shuningdek, g’olib jamoaga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog’iston Kengashi tomonidan diplom va sovg’alar topshirildi.